Nodirbek Yakubboyev hindistonlik raqibasi bilan qo‘l siqib ko‘rishishdan bosh tortdi
Niderlandiyada bo‘lib o‘tayotgan Tata Steel Challengers turnirida o‘zbek shaxmatchisi Nodirbek Yakubboyev hindistonlik raqibasi Rameshbabe Vaishali bilan qo‘l siqishdan bosh tortdi.
O‘yin yakuniga ko‘ra, hindistonlik grossmeyster g‘alaba qozondi. Ushbu harakat ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchradi. Sportchi o‘zining bunday xatti-harakatini diniy e’tiqodi bilan izohladi, chunki uning e’tiqodiga ko‘ra, ayollarga teginish mumkin emas.
«Vayshali bilan o‘yin oldidan yuzaga kelgan holatga izoh bermoqchiman. Men ayollarni va hindistonlik shaxmatchilarni chuqur hurmat qilaman, lekin diniy prinsiplarim tufayli ayollar bilan jismoniy aloqa qilishdan qochaman. Men Vayshali va uning akasini Hindistonning ajoyib shaxmatchilari sifatida hurmat qilaman. Agar mening xatti-harakatim unda yoki boshqalarda salbiy his-tuyg‘ularni keltirib chiqargan bo‘lsa, uzr so‘rayman», deb yozdi u X platformasida.
Biroq tanqidchilar Yakubboyevga ilgari bo‘lib o‘tgan turnirlarda o‘z raqibalari bilan qo‘l siqishganini eslatib, bu uning hozirgi bayonotlariga zid ekanini ta’kidlashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nodirbek Abdusattorov turnirlarda qancha pul ishlab olgani haqida yozgan edik.