O‘zbekiston prezidenti Belarus yetakchisini prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni telefon orqali Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni prezidentlik saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan qutladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2024 yil 7 – 9-fevral kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalarga e’tibor qaratildi.
O‘tgan yilda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $700 milliondan oshgani ta’kidlandi. Iqtisodiyotning turli sohalarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, hududlararo va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Ikki davlat rahbarlari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lukashenko yettinchi marta prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.