Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi
Prezident qaroriga binoan Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi.
Universitetning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida:
- muhandislik, qurilish, logistika, axborot texnologiyalari, dasturlash, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, iqtisodiy va ijtimoiy sohalar uchun xalqaro standartlarga mos oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash;
- xorijiy, xususan, Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi va faoliyatini O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
2025/2026-o‘quv yilidan Universitet ta’lim jarayonini xalqaro miqyosda birinchi mingtalik reytingga kirgan va yetakchi hisoblangan Turkiya oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlari asosida yo‘lga qo‘yadi.
Ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, qabul parametrlari va to‘lov miqdori universitet tomonidan belgilanadi.
Universitet faoliyatini muvofiqlashtirish uchun maxsus boshqaruv kengashi tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» magistratura mutaxassisligi ochilishi haqida xabar bergan edi.