2024-yilda O‘zbekistonda mansabdorlik jinoyatlari soni yil davomida 3,8 mingtaga yetdi. 2023-yilda esa mazkur raqam 3,4 ming edi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura.
Unga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar soni ham ortdi: 2023-yilda 3,5 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilga kelib raqamlar 4,9 ming kishigacha ko‘paygan.
Mansabdorlik jinoyatlaridan yetkazilgan zarar 2024-yilda 3,6 trln so‘mni tashkil etdi, shundan 2,3 trln so‘mi undirilgan. Bu esa umumiy miqdorning 65% qismini tashkil qiladi. 2023-yilda zarar nisbatan kamroq – 1,5 trln so‘m, undirilgan summa esa 1,3 trln so‘m yoki 84,7%ni tashkil qilgan.
Javobgarlikka eng ko‘p tortilganlar tuman darajasidagi xodimlar bo‘ldi. Ularning soni 2024-yilda 4,4 ming nafarni tashkil qilgan. Shuningdek, viloyat darajasida tortilganlar soni ham oshdi – 267 tadan 410 taga. Respublika darajasida esa 49 tadan 71 taga ko‘paydi.
2024-yilda eng ko‘p uchragan jinoyat mol-mulkni talon-toroj qilish bo‘ldi – 2,9 ming holat. Shuningdek, pora olish va berish (353 holat) hamda firibgarlik (447 holat) bo‘yicha ishlar soni ham sezilarli darajada oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaxsni qiynoqqa solish holatlarini oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilinmagani haqida yozgan edik.