Binance rasman O‘zbekistonda ishga tushdi
O‘zbekistonda kriptoaktivlar sohasida xizmat ko‘rsatuvchi yangi qo‘shma platforma – Coinpay va Binance hamkorligida ish boshladi. Bu haqda Coinpay mahalliy kriptobirjasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur xizmatning yo‘lga qo‘yilishi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ko‘magi bilan amalga oshirildi. Ushbu hamkorlik orqali foydalanuvchilarga qonunchilikka to‘liq mos holda, xavfsiz va qulay sharoitlarda kripto-aktivlar bilan tranzaksiyalarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Endi bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada mablag‘larni kiritish va yechish imkoni mavjud.
Binance platformasi orqali foydalanuvchilar quyidagi xizmatlardan foydalanishlari mumkin:
- Milliy valyutada mablag‘larni kiritish va yechish: Mahalliy to‘lov tizimlari orqali xavfsiz tranzaksiyalarni amalga oshirish;
- Kripto-aktivlar bo‘yicha keng ko‘lamli xizmatlar: Binance platformasida turli xil xizmatlardan foydalanish imkoniyati;
- Huquqiy va xavfsiz operatsiyalar: Coinpay hamkorligi tufayli barcha tranzaksiyalar qonuniy asosda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston rezidentlari Binance platformasiga faqat coinpay.uz/binance saytidagi rasmiy havola orqali kirishlari lozimligi ta’kidlandi. Mablag‘larni faqat bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali kiritish va yechish talab qilinadi.
Shuningdek, P2P platformasi orqali amalga oshiriladigan har qanday operatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lib, qonuniy javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Binance kriptobirjasi O‘zbekiston bozoriga kirishi haqida xabar bergan edi.