2024-yil yakunlariga koʻra, «Ipotekabank»ning sof zarari 240,2 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bu haqda moliya muassasasining moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, shu davrda bankning kredit portfeli 5,6 foizga kamayib, 35,1 trln soʻmni tashkil etdi. Muammoli kreditlar ulushi ikki baravarga oshib, jami kredit portfelining 10,2 foiziga yetdi.
Shuningdek, yil davomida bank aktivlari 9,3 foizga oshdi. Oʻtgan yilning 31-dekabr holatiga koʻra, ular 52,1 trln soʻmga baholangan. Yil yakuni boʻyicha foizli daromadlar uchdan bir qismga oshib, 10,6 trln soʻmni tashkil etdi.
Eslatib oʻtamiz, «Ipotekabank» 2023-yilni 818,9 mlrd soʻm foyda bilan yakunlagan edi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning ikki davlat banki muammoli kreditlar tufayli katta miqdorda zarar koʻrgani haqida xabar bergan edi.