Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy yordamlarning samaradorligini oshirish va nogironligi bo‘lgan bolalar parvarishi bo‘yicha yangi tizimga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar ijtimoiy himoya tizimini yangilash va yanada adolatli qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
Endilikda «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» orqali yordamlar «Kambag‘al oilalar reyestri»ga asoslanib taqsimlanadi. Mablag‘lar tuman va shaharlardagi ijtimoiy ko‘rsatkichlarga muvofiq taqsimlanadi, oilalarning qo‘shimcha hujjat taqdim etishiga ehtiyoj qolmaydi.
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Yil oxirigacha 2 mingga yaqin og‘ir nogiron bolalarni qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bu, ayniqsa, ularning onalariga ishlash va ta’lim olish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, «Bolalar salomatligi» axborot tizimi orqali har bir farzandga tibbiy, ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari majmuaviy ko‘rsatiladi. Ota-onalar uchun parvarish xizmatlaridan foydalanish xarajatlariga soliq imtiyozlari joriy etiladi.
Bu tashabbuslar oilalarning farovonligini oshirish, nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning oilalariga qulay sharoit yaratishda muhim qadamdir. Prezident kambag‘allik reyestrini yanada takomillashtirish va oilalarning mehnatga layoqatiga qarab yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yashil tadbirkor» maqomi joriy etilishi haqida yozgan edik.