Yangiliklar

2025-yilda UzAirways Madridga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

Maxsus maktabga saralash ancha qiyin kechadi
Фото: UzAirways

2025-yilda UzAirways Madridga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda kompaniyaning yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Shuningdek, kompaniya 2025-yilda yangi yo‘nalishlarni ochishni rejalashtirmoqda. Quyidagi reyslar ishga tushirilishi kutilmoqda:

  • Farg‘ona — Dehli;
  • Toshkent — Urumchi;
  • Farg‘ona — Urumchi.

Kompaniya boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Xitoyga vizasiz sayohat qilish imkoni beriladi.

«O‘zbekiston fuqarolarining Xitoyga vizasiz sayohat qilish imkoni berilgach Xitoyga bo‘ladigan reyslarga talab ancha oshadi. Shu sababli Shenjenga ham muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan», – dedi u.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan
Shuxrat Xudaykulov

Matbuot anjumanida kadrlar tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi. Kompaniya vakillari uchuvchilar va bort kuzatuvchilarni tayyorlash uchun maxsus maktab tashkil etilganini ma’lum qildi.

«Dastlab maktabni 5 nafar o‘quvchi bitirdi. 2025-yilda esa ularning soni 12 nafarga yetadi. Maxsus maktabga saralash ham ancha qiyin kechadi. Ularni til bilish va bir qator bilimlari asosida saralab keyinchalik 2 yil davomida o‘qitamiz», – dedi Shuxrat Xudaykulov.

Shuningdek, boshqaruv raisi Shuxrat Xudayqulov Silk Avia endi mahalliy parvozlarni amalga oshirsa, Uzbekistan Airways asosan xalqaro reyslarga e’tibor qaratishini ta’kidladi.

2028-yilgacha Airbus kompaniyasidan 14 dona samolyot xarid qilinishi va 2030 – 2031-yilga qadar Boeing’dan yana 14 ta samolyot sotib olinishi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, kompaniya Deutschbank’dan $100 mln miqdorda investitsiya jalb etishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilda UzAirways’ning sof daromadi 725 mlrd so’mni tashkil qilgani haqida xabar qilgan edi.