O‘zbekistonda bloklangan TikTok qariyb milliard so‘m soliq to‘ladi
2024-yilda O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 63 ta xorijiy kompaniya jami 115,8 milliard so‘m soliq to‘ladi. Bu ko‘rsatkich 2023-yildagiga nisbatan 1,5 barobar ko‘p. Soliq to‘lovlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan kompaniyalar qatorida TikTok ham bor.
Soliqlarning 99,9 foizi elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi eng yirik 10 ta xorijiy kompaniyaning hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda bloklangan bo‘lsa-da, TikTok 903 million so‘m soliq to‘ladi. Bu kompaniya O‘zbekistonda foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatmasa ham, mahalliy qonunchilikka muvofiq soliq to‘lashni davom ettirmoqda.
2021-yil iyul oyidan boshlab TikTok ijtimoiy tarmog‘i «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni buzgani uchun Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestriga kiritilgan edi. Shunga qaramay o‘tgan yilning 5-oktabr kunida TikTok PTE LTD (Cingapur) O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, deb Soliq qo‘mitasi xabar bergan edi.
Soliq to‘lovlari bo‘yicha boshqa yetakchi kompaniyalar quyidagilar:
- Meta – 41,7 milliard so‘m,
- Google – 29 milliard so‘m,
- Apple – 27,3 milliard so‘m,
- Amazon – 4,1 milliard so‘m,
- Booking.com – 3,6 milliard so‘m,
- Netflix – 1,4 milliard so‘m,
- Zoom – 1,4 milliard so‘m,
- Acca – 1,2 milliard so‘m,
- Xsolla – 966,7 million so‘m.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Microsoft TikTokʼni sotib olishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar bergan edi.