Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda davlat matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu noyob majmua tariximiz va madaniyatimizni aks ettiruvchi yirik loyiha bo‘lib, qurilish yakuniy bosqichga yetib kelgan.
«Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi, – dedi davlat rahbari.
Markaz uch qavatdan iborat bo‘lib, unda milliy me’moriy uslub uyg‘unlikda mujassam. Asosiy qismida Qur’oni karim zali joylashgan bo‘lib, bu yerda qadimiy Usmon Mus’hafi va boshqa nodir qo‘lyozmalar saqlanadi. Shuningdek, Islom olamiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, mutafakkirlar va ulamolar merosi keng yoritiladi.
Majmua ilmiy-tadqiqot markazi sifatida ham faoliyat yuritib, milliy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladi. Prezidentimiz markazning kelajakdagi faoliyati bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi hamda uni ilm-fan va ma’rifat maskani sifatida rivojlantirishga alohida urg‘u qaratdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident elektr tannarxini pasaytirish bo‘yicha vazifa bergan edi.