O‘zbekiston hukumati Farg‘ona viloyatining Rishton shahrida kulolchilik tarixi muzeyini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar qildi Adliya vazirligi.
Muzey eksponatlarni yig‘ish va saqlash bilan birga, «Ustoz – shogird» an’anasi asosida yoshlarga kulolchilik san’atini o‘rgatish bilan shug‘ullanadi.
Madaniyat muassasasi ko‘rgazmalar tashkil etishda axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni rejalashtirgan. Muzey faoliyati va uning konsepsiyasini ishlab chiqish uchun maxsus guruh mas’ul bo‘ladi.
Ko‘rgazmalar tashkil etishda xorijiy muzeylar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniyaning Tabiat tarixi muzeyi O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishi haqida xabar bergan edi.