Rossiya Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet Cobalt sedanini parallel import orqali yetkazib berishni davom ettirmoqda. Uning boshlang‘ich narxi 1,57 million rublni ($15,9 ming) tashkil etadi. Bu haqda «Avtonovosti dnya» xabar berdi.
Nashrning ta’kidlashicha, bu Rossiyaning eng oddiy jihozlangan Lada Vestaʼsining narxidan 5 ming rubl arzonroq.
Eng arzon mexanik uzatmali Cobalt LT komplektatsiyasi Orenburgdagi xususiy avtosalonda sotilmoqda. Xabarovskda esa aynan shu model, biroq avtomatik uzatmalar qutisi bilan 30 ming rubl qimmatroq narxda taklif etilmoqda.
Voronej, Tyumen va Lipetskda oʻzbek avtosanoati «moʻjizasi» uchun 1,78 milliondan 1,85 million rublgacha ($18 – 18,8 ming atrofida) narx soʻralmoqda.
Dekabr oyi boshida Kursiv Uzbekistan RBC Autonews hisob-kitoblariga koʻra, Rossiyada Chevrolet Cobalt narxi 1,8 million rubldan boshlanishi haqida yozgan edi.