Saudiya Arabistonida besh yulduzli lyuks poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/01/image-955-1024x576.png)
Saudiya Arabistoni o‘zining ilk besh yulduzli lyuks poyezdi «Sahro Orzusi»ni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Saudiya Arabistoni temir yo‘llari va Italiyaning Arsenale S.p.A. brendi hamkorligida ishlab chiqilgan loyiha Yaqin Sharqdagi eng hashamatli temir yo‘l safari bo‘lishi kutilmoqda.
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/01/image-956-1024x768.png)
Poyezdning dizayni Saudiya madaniyati va merosidan ilhomlangan bo‘lib, AlUla, Madain Solih va Hail uslublari bilan bezatilgan. Ichki qismda an’anaviy majlis zallari, Art Deco uslubidagi yotoqxonalar va nafis yog‘och o‘ymakorligi mavjud.
14 ta vagon va 34 ta lyuks xona joylashgan ushbu poyezd Riyoddan Qurayyatgacha 1 300 km masofani bosib o‘tadi. Yo‘nalish davomida Hail shahrida to‘xtash rejalashtirilgan.
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/01/image-957-1024x768.png)
Sayohatchilar uchun maxsus madaniy dasturlar va sayyohlik yo‘nalishlari ham taklif etiladi. Restoranda esa mahalliy va xalqaro oshpazlar tomonidan tayyorlangan taomlar taqdim etiladi.
«Sahro Orzusi» nafaqat transport vositasi, balki Saudiya Arabistonining boy madaniyati va hashamatini namoyish etuvchi noyob sayohat tajribasi bo‘ladi.
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/01/image-958-1024x576.png)
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BAAning lyuks mehmonxonalar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.