AQSh Federal zaxira tizimi (Fed) yanvar oyidagi ikki kunlik yig‘ilishida asosiy stavkasini 4,25 – 4,5% darajasida saqlab qoldi. Bu qaror uch marta ketma-ket qisqartirishdan so‘ng amalga oshirildi. Bu haqda RBK nashri ma’lum qildi.
Fed iqtisodiy faollikning kuchli sur’atlarda davom etayotgani, ishsizlik darajasining barqaror past bo‘lib qolayotgani va inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanayotgani sababli bu qarorga keldi.
Regulyator maksimal bandlikka erishish va inflyatsiyani 2% darajasiga qaytarish maqsadida o‘z siyosatini ehtiyotkorlik bilan davom ettirishini ma’lum qildi. Keyingi qarorlar kiruvchi ma’lumotlar va iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga asoslanadi.
Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauell matbuot anjumanida stavkalar hozirda kam cheklovchi darajada ekanini va bu borada shoshmaslik kerakligini aytdi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Fed mart oyida stavkalarni pasaytirishi mumkin, biroq hozirda «kutish va kuzatish» strategiyasini qo‘llashda davom etadi.
Donald Trampning savdo tariflari siyosati iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini baholash uchun ham vaqt talab etiladi. Shu bilan birga, yuqori tariflarning inflyatsiya bosimini oshirishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud. Trampning iqtisodiy choralari, xususan, soliqlarni kamaytirish va tariflar siyosati, iqtisodiyotning kelgusidagi barqarorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
So‘rovlar natijalariga ko‘ra, iqtisodchilarning aksariyati Fed tomonidan yanvar oyida stavkalarni o‘zgarmasdan saqlab qolishini to‘g‘ri bashorat qilgan. Ayni paytda bozor ishtirokchilari mart oyida stavkalar pasaytirilishi ehtimolini yuqori baholamoqda. Shu bilan birga, uzoq muddatli pauza ehtimoli ham muhokama qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mingga yaqin o‘zbekistonlik AQShning deportatsiya ro‘yxatiga tushgani haqida xabar bergan edi.