AQSh sudyasi Tramp ma’muriyatining federal yordamni muzlatish qarorini toʻxtatib qoʻydi
Kolumbiya okrugi sudyasi Donald Tramp ma’muriyatining federal grantlar va moliyaviy yordam dasturlarini muzlatish haqidagi qarorini 3-fevralgacha toʻxtatdi, deya xabar berdi CBS News.
Sudya Loren Alixonning soʻzlariga koʻra, bu qaror notijorat tashkilotlarning Oq uyga qarshi da’volarini koʻrib chiqayotgan paytda «status-kvoni saqlab qolish» uchun qabul qilingan.
Tramp ma’muriyatining qaroriga koʻra, barcha federal moliyaviy yordam dasturlari prezident siyosatiga mosligini qayta koʻrib chiqish talab etilgan. Bunga «xilma-xillik va inklyuzivlik» dasturlari ham kiradi, biroq Medicare va ijtimoiy ta’minot imtiyozlari bundan mustasno.
Demokratlar yetakchisi Chak Shumer ushbu qarorni konstitutsiyaga zid va noqonuniy deb qoraladi. Bundan tashqari, 22 shtat va Kolumbiya okrugi bosh prokurorlari qarorga qarshi da’vo arizasi bilan chiqishdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp Kolumbiya hukumatiga tahdid qilgani haqida xabar bergan edi.