Yangiliklar

Endi AQSh Falastinni qo‘llab-quvvatlagan namoyishchi talabalarni deportatsiya qiladi

Amerika – Islom aloqalar kengashi esa bu farmonga qarshi sudga murojaat qilmoqchi
Foto: Reuters/Jim Vondruska/File Photo

AQSh prezidenti Donald Tramp Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarda qatnashgan xorijlik talabalarni deportatsiya qilish va ularning vizalarini bekor qilish haqida farmon imzoladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hujjatda antisemitizmning oldini olishga qaratilgan choralar ko‘zda tutilgan bo‘lib, Adliya vazirligi «amerikalik yahudiylarga qarshi jinoyatlarga» qarshi keskin choralar ko‘rishi aytilgan.

Tramp farmonida «pro-jihod» namoyishlarida qatnashgan muhojirlarni 2025-yilda deportatsiya qilish rejalashtirilgani qayd etilgan. Huquq tashkilotlari bunday qaror konstitutsiyaviy so‘z erkinligini buzishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Amerika – Islom Aloqalar Kengashi esa agar farmon amalga oshirilsa, unga qarshi sudga murojaat qilishini bildirdi.

Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishchilar esa Hamasni emas, balki Isroilning G‘azodagi harbiy hujumlarini tanqid qilishayotganini ta’kidlashmoqda. Shu bilan birga, huquq tashkilotlari Isroil – G‘azo mojarosi ortidan AQShda yahudiylar, musulmonlar va arablar orasida nafrat jinoyatlarining ortayotganini qayd etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp transgender ayollarni erkaklar qamoqxonasiga joylashtirishni buyurgan edi.