O‘zbekistonliklar qaysi onlayn savdo platformalaridan ko‘p shikoyat qilgani ochiqlandi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi 2024-yilda oʻzbekistonliklar eng koʻp shikoyat qilgan marketpleyslar roʻyxatini ochiqladi.
Oʻtgan yili umumiy hisobda qoʻmitaga elektron tijorat bilan bogʻliq 1,3 mingta murojaat kelib tushdi. Shikoyatlarning aksariyati (77,9 foiz) maishiy texnikaga tegishli boʻlib, noroziliklarning asosiy sababi tovarlarning nuqsonlari boʻlgan.
Yil davomida eng ko‘p shikoyatlar Uzum Marketga (39,6 foiz) yo‘llangan. Undan keyingi o‘rinlarni Alif Shop (9,9 foiz), Uzum Nasiya (6,5 foiz), ZoodMall (6 foiz), Asaxiy.uz (3,8 foiz), IDEA (2,5 foiz), Hopshop (2,1 foiz) va 100K.uz (2,1 foiz) egalladi.
Qoʻmitaning ta’kidlashicha, murojaatlarning 81,9 foizi iste’molchilar foydasiga hal etilgan, 14,3 foiziga tushuntirish berilgan, 1,3 foizi vakolatli organlarga yuborilgan. Bu orqali 423 nafar iste’molchining huquqlari tiklandi, shuningdek, 88,9 mln soʻm kompensatsiya toʻlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan marketpleyslardagi sotuvchilar uchun aylanmadan soliq toʻlash osonroq boʻlishi haqida yozgan edi.