Qozogʻistondan Oʻzbekistonga olib kelinayotgan 43 vagon kartoshka chegarada chirib ketdi
Qozogʻistonlik tadbirkorlar Oʻzbekiston bilan chegarada kartoshka ortilgan 43 ta vagon ushlanib qolgani uchun mamlakat hukumatini sudga berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda KTK telekanali ma’lum qildi.
Tadbirkorlarning soʻzlariga koʻra, Qozogʻistondagi Sariogʻash temir yoʻl stansiyasida uzoq davom etgan tekshiruvlar tufayli ularning kartoshka hosili muzlab qolgan. Tadbirkorlardan biri 60 million tenge yoki $116,1 ming zarar koʻrganini aytdi.
Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi holatga munosabat bildirib, kartoshka vagonlari tegishli tekshiruvdan oʻtkazilganini ma’lum qildi.
«Vagonlarning bundan keyingi harakatlanishi uchun hech qanday toʻsiqlar yoʻq. Shuning uchun 43 ta eksportga moʻljallangan vagon chegarani kesib oʻtishi mumkin», – dedi Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Yerbol Tasjurekov.
Yanvar oyi oxirida Qozogʻiston xorijga kartoshka yetkazib berishni olti oyga toʻxtatgani ma’lum boʻldi. Ostona mamlakat ichidagi narxlarni barqarorlashtirish uchun eksportni cheklash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston 2024-yilda Qozogʻiston kartoshkasining asosiy xaridoriga aylandi. Oʻtgan yilning oʻn oyida mamlakatga 465 ming tonna ushbu sabzavotni import qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi kartoshka narxlari oshishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirgani haqida yozgan edi.