Rossiyani bir milliongacha mehnat migranti tark etishi mumkin

eʼlon qilindi
Mutaxassislarning prognoziga ko‘ra
Foto: Klaus Wright / Unsplash

2025-yilda Rossiyadan taxminan 1 mln mehnat migranti chiqib ketishi mumkin. Bu haqda «Migrant Servis» platformasi direktori Andrey Kladov jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Mutaxassisning fikricha, bunga asosiy omil ish haqi darajasi bo‘ladi. Hozirda xorijlik ishchilar oyiga taxminan 1,5 ming dollar daromad olishga intilmoqda. Agar Rossiya bozorida maoshlar ularning kutgan darajasiga mos kelmasa, migrantlar boshqa davlatlarga ketishi mumkin.

Bundan tashqari, Rossiyada migratsiya qonunchiligining kuchaytirilishi, deportatsiyalar va chet elliklar uchun yangi cheklovlarning joriy etilishi ham ish o‘rinlarining jozibadorligini pasaytirmoqda. Kladovning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatdan 80 mingdan ortiq migrantlar chiqarib yuborilgan.

Mehnat kuchining kamayishi fonida ko‘plab sohalar kadrlar yetishmovchiligiga duch kelishi kutilmoqda. Ayniqsa, chet ellik ishchilarning ulushi yuqori bo‘lgan bizneslar bundan jiddiy zarar ko‘rishi mumkin. Ishchilarni ushlab qolish uchun ish beruvchilar maoshlarni oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va chet elliklar uchun qulay muhit yaratishlari kerak bo‘ladi.

2024-yilda MDH davlatlaridan Rossiyaga kelgan migrantlar soni avvalgi yilga nisbatan 16,1 foizga kamaygan. Ayniqsa, Tojikistondan kelayotganlar soni keskin pasaygan, shu bilan birga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyaga kelishni yanada ko‘paytirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mingga yaqin o‘zbekistonliklar AQShning deportatsiya ro‘yxatiga tushgan edi.

Shuningdek