Los-Anjeles avtosalonida Jeep bosh direktori Antonio Filosa kompaniya 2025-yilda yangi gibrid SUV – Jeep Cherokee modelini taqdim etishini e’lon qildi. Bu haqda Jeep kompaniyasi ma’lum qildi.
Yangi model plagin gibrid bo‘lmaydi va hozirgi Grand Cherokee va Wrangler 4xe seriyalaridan farqli yo‘nalishda ishlab chiqariladi. Bu esa elektr transport vositalari bozoridagi noaniqliklar fonida yengil gibrid dvigatelli SUV ishlab chiqarish brend uchun oqilona strategiya ekanini ko‘rsatadi.
Jeep 2023-yilda Illinoys shtatidagi Belvidere zavodida Cherokee ishlab chiqarishni to‘xtatgan edi. Biroq kompaniya 2027-yilda zavodni qayta ochish uchun milliardlab dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Shunga qaramay jarayonning kechikishi Stellantis va UAW kasaba uyushmasi o‘rtasida kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
2025-yilda chiqariladigan yangi Cherokee modeli Meksikada STLA Medium yoki Large platformasida yig‘ilishi mumkin. Jeep vakillari brend ushbu mashhur modelni butunlay bekor qilish niyatida emasligini tasdiqladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Qin L EV yangi avlod batareyasi bilan sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi.