Yangiliklar

Chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga QQSning 50 foizi qaytariladi

Har oyning 25-sanasiga qadar
Foto: Pexels.com

Prezidentining «Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohaga yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yilda go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum yetishtirish hajmlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Shuningdek, parrandachilik kooperatsiyasi orqali aholi bandligini ta’minlash hamda mahsulot eksporti bo‘yicha rejalar belgilandi.

2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvarga qadar chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan davlat byudjetiga to‘langan QQSning 50 foizi har oyning 25-sanasiga qadar qaytariladi.

Bundan tashqari, «Parranda boqish – daromad topish» loyihasi orqali 1 mln kishining bandligi ta’minlanadi. Naslchilik korxonalariga esa foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanish solig‘ida 50 foizlik imtiyoz muddati 2028-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xotin-qizlarning pillachilik sohasidagi bandligi ta’minlanishi haqida yozgan edik.