Oʻzbekistonda kartoshka narxi qachon tushadi

eʼlon qilindi
Aprel-may oylarida esa yangi hosil bozorga chiqishi bilan pasayish kutilmoqda
Foto: KaviDesigns345 / depositphotos.com

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kartoshka narxining 12 ming soʻmga yetgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bu borada rasmiy axborot berib, narxlarning shakllanishi va pasayishi boʻyicha prognozini e’lon qildi.

Vazirlik monitoringiga koʻra, bugungi kunda Toshkent shahridagi yirik bozorlarda kartoshkaning narxi 9-10 ming soʻm atrofida boʻlib, arzonlashtirilgan yarmarkalarda 5-6 ming soʻmga sotilmoqda.

Kartoshka narxining oshishiga takroriy ekilgan maydonlarda hosil kam boʻlishi, ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi va importdagi transport muammolari sabab boʻldi. Soʻnggi yillarda urugʻlik, oʻgʻit, yoqilgʻi va suv soliqlari narxi keskin oshgani ham tannarxga ta’sir qilmoqda.

Narxlarni barqarorlashtirish uchun 245 ming tonna kartoshka zaxiraga olinib, 9,9 ming tonnasi bozorga chiqarildi. Shuningdek, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Pokiston va Eron davlatlaridan 94 ming tonna kartoshka import qilindi.

Vazirlik ma’lumotiga koʻra, fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashib, aprel-may oylarida esa yangi hosil bozorga chiqishi bilan pasayish kutilmoqda. 2025-yil hosili uchun 122 ming gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston 2027-yildan kartoshkaga boʻlgan ehtiyojni ichki imkoniyatlar bilan qoplashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek