Oʻzbekistonning favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Ibragimov (qarorgohi Vena shahrida joylashgan) Albaniya prezidenti Bayram Begayga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Prezident qarorgohida boʻlib oʻtgan tantanali marosimdan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Albaniya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Albaniya rahbari soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Ibragimov 2023-yil noyabridan Oʻzbekistonning Avstriyadagi elchisi ham hisoblanadi. Shuningdek, u 2023-yilda shtab kvartirasi Vena shahrida joylashgan YXHT, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Yadro sinovlarini keng qamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti, XAEA kabi xalqaro tashkilotlardagi mamlakatimizning rasmiy vakili sifatida ham akkreditatsiya qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Zelandiyaning Oʻzbekistondagi elchisi tayinlangani haqida xabar bergan edi.