Yangiliklar

Uy-joylar qurilishi boʻyicha elektron platforma yaratiladi

2025-yilning 1-iyulidan boshlab, uy-joy qurilishi sohasidagi barcha moliyalashtirish jarayonlari yangi mexanizm asosida amalga oshiriladi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv

2025-yil 27-yanvarda prezidentning «Uy-joy qurilishi sohasini rivojlantirish va qurilish jarayonini tartibga solish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonga koʻra, 2025-yilning 1-iyulidan boshlab uy-joy qurilishi sohasidagi barcha moliyalashtirish jarayonlari yangi mexanizm asosida amalga oshiriladi. Jumladan, «eskrou» hisobvaraqlari orqali qurilishga ulushdorlarning mablagʻlarini jalb qilish mexanizmi joriy etiladi.

Mablagʻlarini jalb qilish tartibi 2025-yilning 31-dekabriga qadar «ulushli ishtirok» asosida ham amalga oshirilishi mumkin boʻladi. 2026-yildan esa faqat «eskrou» hisobvaraqlari orqali mablagʻlarni jalb qilish imkoniyati qoladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-iyuldan boshlab «Shaffof qurilish» axborot tizimi doirasida yangi elektron platforma ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali uy-joylar qurilishi jarayoni va ularga aloqador barcha ma’lumotlar onlayn tarzda kuzatib boriladi.

2025-yil 1-iyulga qadar ulushli shartnomalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va soliq organlariga elektron shaklda taqdim qilish tizimi joriy etiladi. Buning ortidan talab qilish va garov huquqlarini boshqa shaxsga oʻtkazish imkoniyatlari ham elektron platforma orqali bajariladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qurilish tashkilotlarining soliq qarzi 749,3 mlrd.ni tashkil qilgani haqida xabar bergan edi.