G‘ishtko‘prik chegara bojxona posti 2025-yil 5-fevraldan boshlab to‘rt oy davomida yopiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu cheklov mazkur postdagi keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlarini yakunlash maqsadida joriy etilmoqda. Jumladan, vaqtinchalik binolarni demontaj qilish, hududni obodonlashtirish hamda zarur infratuzilmani shakllantirish rejalashtirilgan.
Ushbu post orqali harakatlangan fuqarolar va transport vositalari 5-fevraldan boshlab «Navoiy» chegara bojxona postiga yo‘naltiriladi. Zamonaviy tarzda barpo etilgan «Navoiy» chegara posti Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan bo‘lib, «G‘ishtko‘prik» postiga yaqin hududda joylashgan.
Shuningdek, jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar va avtobuslarning harakati uchun qulaylik yaratish maqsadida «Navoiy» chegara postida yuk transportlari harakati cheklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yangi «Navoiy» chegara bojxona posti ish boshlagani haqida yozgan edik.