
Shavkat Mirziyoyev 4-5-fevral kunlari Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tashrif davomida Kuala-Lumpurda oliy darajadagi uchrashuvlar va biznes tadbirlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Muzokaralarda ikki tomonlama savdo, investitsiyalar, texnologik hamkorlik, «yashil» energetika, turizm va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston – Malayziya biznes forumi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari uchrashuvi hamda O‘zbekistonning turizm va madaniy merosini targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Sammit yakunida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan edi.