Alisher Usmonovning villasi Germaniyada eng qimmat koʻchmas mulk sifatida sotuvga qoʻyildi

eʼlon qilindi
Villaning dastlabki narxi 25 million yevro qilib belgilangan
Foto: Deutsche Welle

Germaniyada oligarx Alisher Usmonovning uzoq vaqt yashagan villasi sotuvga chiqarildi. Bu uy Germaniyaning zamonaviy tarixidagi eng qimmat koʻchmas mulkka aylanishi bilan ajralib turadi.

Ma’lum qilinishicha, villaning dastlabki narxi 25 million yevro qilib belgilangan boʻlib, bu Germaniyadagi koʻchmas mulk boʻyicha savdolar tarixida rekord oʻrnatgan narxdir. Ushbu ma’lumotni Germaniyada koʻchmas mulk savdolarini kuzatib boradigan Immowelt agregatori taqdim etdi.

Villani sotish qarori sud tomonidan qabul qilindi. Bavariyaning Volfratsxauzen shahridagi tuman sudi, Tegernsee (IOM) Limited offshor kompaniyasining qarzlarini qoplash maqsadida mulkni sotish vazifasini arbitraj boshqaruvchisi Ulrix Kramerga topshirdi.

Kramerning soʻzlariga koʻra, kompaniya qarzlarini toʻlashda qiyinchilikka duch kelgan. Kompaniyaning aktivlari asosan koʻchmas mulkdan iborat boʻlib, bu uning qarzlarini toʻlashga yetarli emas. Shuning uchun villani sotish zaruriyatiga duch kelindi.

Villa Rottax-Egern qishlogʻidagi 4700 kvadrat metr maydonda joylashgan va Alp togʻlari va Tegernzee koʻlini ajoyib koʻrish imkonini beradi. Ushbu koʻchmas mulk uch qavatli boʻlib, uning 735 kvadrat metrlik yashash maydonida toʻrtta yotoqxona, hammomlar, sauna va 20 metrli suzish havzasi mavjud.

Kramer agar villa sotilsa, olingan mablagʻlar bankrotlik jarayonini amalga oshirish uchun ochgan hisob raqamiga oʻtkazilishini ta’kidlamoqda. Sotuv maxfiy marketing kampaniyasi doirasida tor doiradagi manfaatdor shaxslar orasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shveysariya Alisher Usmonovning 6,5 mln yevrolik aktivlarini blokdan chiqargani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek