Kanada AQSh tomonidan tovarlariga qoʻyilgan 25 foizlik bojga javoban shunday cheklovlarni joriy qiladi. Bu haqda mamlakat bosh vazir Jastin Tryudo ma’lum qildi.
Kanada 4-fevraldan boshlab AQShdan import qilinayotgan 30 milliard Kanada dollari miqdoridagi mahsulotlarga 25 foizlik boj soladi. Uch haftadan soʻng ushbu boj 155 milliard Kanada dollariga yetadi. Xuddi shu kuni AQShning boj choralari ham kuchga kiradi.
Vashington Kanada tovarlari uchun 25 foizlik boj belgilagan boʻlsa-da, energiya resurslari uchun bu stavka 10 foizni tashkil etadi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu benzin va kommunal xizmatlar narxining keskin oshishining oldini olish uchun qilingan.
Tryudo Kanada strategik materiallari boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishi mumkinligini bildirar ekan, fuqarolarni AQSh mahsulotlari oʻrniga mahalliy mahsulotlarni xarid qilishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Kanada va Meksikadan importga 25 foiz boj solishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.