Mask Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) yopilishini ma’lum qildi
AQSh hukumati samaradorlik departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyatining tugatilishi boshlanganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Reuters.
«Biz USAIDʼni tugatish jarayonidamiz», – dedi Mask X telekanalidagi jonli efirda.
Maskning ta’kidlashicha, agentlik qayta tiklanmaydi. USAID 1961-yilda turli davlatlarga insonparvarlik yordami koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan. AQSh prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi kuni agentlikning barcha tashabbuslari audit oʻtkazish maqsadida 90 kungacha toʻxtatilgan edi.
Politico nashri USAID vakolatlarini Davlat departamentiga oʻtkazish varianti koʻrib chiqilayotganini yozgan edi.
Reuters, shuningdek, soʻnggi bir hafta ichida agentlikning 100 ga yaqin xodimlari haq toʻlanmaydigan ta’tilga yuborilganini ma’lum qildi. Maskning fikricha, USAID biologik qurol sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtirgan, ammo tadbirkor bu haqda dalillarni taqdim etmagan.
Bundan tashqari, Mask agentlik budjetini tanqid qilib, 2023-yilda sarflangan $40 milliardni «absurd isrofgarchilik» deb atadi.
USAID Oʻzbekistonda bir qator loyihalarni amalga oshirib ketayotgan edi. Oʻtgan yilning sentabr oyida «Kursiv» oʻzbekistonlik tadbirkorlar USAIDʼning biznesni rivojlantirish boʻyicha grant dasturi doirasida $25 mingdan $100 minggacha mablagʻ olishini yozgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mask oʻz safdoshlari bilan Buyuk Britaniya bosh vazirini lavozimidan chetlashtirish masalasini muhokama qilgani haqida yozgan edi.