Oʻzbekistonda 2024-yil yakuni boʻyicha kambagʻallik darajasi 11 foizdan 8,9 foizga tushdi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Jahon banki bilan olib borilgan tadqiqotlar natijasida, kambagʻallik darajasi 719 ming kishiga kamayib, jami 3,3 million kishini tashkil etgani aniqlandi.
Kambagʻallik darajasi eng koʻp kamaygan hududlar:
- Buxoro viloyatida — 11,8 foizdan 8,7 foizgacha;
- Samarqand viloyatida — 10,5 foizdan 7,5 foizgacha;
- Namangan viloyatida — 10,4 foizdan 7,6 foizgacha;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 13,6 foizdan 10,8 foizgacha qayd etildi.
Kambagʻallik darajasining pasayishiga bandlikni oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va yer resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha koʻrilgan choralar muhim hissa qoʻshdi.
2024-yilda aholining real daromadi 10,7 foizga oʻsib, jon boshiga oyiga oʻrtacha 2,1 million soʻmga yetdi (yil boshida – 1,7 mln soʻm).
Daromad manbalari boʻyicha taqsimot:
- Ish haqi — 42,6% (2023-yilda — 41,9%);
- Tadbirkorlik daromadlari — 22,9% (21,4%);
- Pensiya, ijtimoiy yordam va subsidiyalar — 18,2% (18,9%);
- Qishloq xoʻjaligi va tomorqa daromadlari — 10,7% (9,8%);
- Xorijdan pul oʻtkazmalari — 2% (3,1%);
- Boshqa daromadlar — 3,6% (4,9%).
Shuningdek, aholi ish haqidan oladigan daromadlari 12,9 foizga oshgani qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Kambag‘al oilalar reyestri»ga pul mablag‘i bilan yordam berilishi haqida xabar bergan edi.