AQSh prezidenti Donald Tramp va Meksika yetakchisi Klaudiya Sheynbaum telefon orqali muzokara oʻtkazdi va Vashington Meksika mahsulotlariga bojlarni bir oyga kechiktirishga qaror qildi.
Sheynbaumning ta’kidlashicha, bu qaror oʻzaro hurmat va hamkorlik natijasidir.
«Prezident Tramp bilan munosabatlarimiz va suverenitetimizga katta hurmat koʻrsatilgan holda yaxshi suhbat oʻtkazdik, bir qator kelishuvlarga erishdik. Bojlar bugundan boshlab bir oyga toʻxtatiladi», – deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻida.
Tramp ma’muriyati avvalroq Kanada va Meksikadan import qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik, Xitoy tovarlariga esa qoʻshimcha 10 foizlik boj joriy etishni rejalashtirgan edi. 4-fevraldan kuchga kirishi kutilgan tariflar Meksika bilan kelishuv ortidan toʻxtatildi.
Bitimga koʻra, Meksika Milliy gvardiyaning 10 ming askarini shimoliy chegarada joylashtirib, noqonuniy fentanil oqimini toʻxtatishga harakat qiladi. AQSh esa javoban Meksikaga noqonuniy qurol-yarogʻ yetkazib berilishining oldini oladi.
Tramp ham oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida Meksika uchun tariflarni joriy etish bir oyga kechiktirilishini tasdiqladi.
«Biz ikki davlat uchun manfaatli bitimga erishishga umid qilamiz», – deya yozdi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kanada AQShga qarshi boj choralarini joriy qilishi haqida xabar bergan edi.