Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels Transport vaziri Jo Haylen davlat mablag‘lari hisobidan ajratilgan avtomobilni shaxsiy safarlari uchun ishlatgani haqidagi tanqidlardan so‘ng iste’foga chiqdi. Bu haqda The Guardian nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Haylen Avstraliya kuni munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlarida do‘stlari bilan Hunter Valleydagi vino zavodiga borish uchun 446 km masofani bosib o‘tgan shaxsiy haydovchisidan foydalangani oshkor bo‘ldi. U, shuningdek, farzandlarini sport mashg‘ulotlariga olib borish va boshqa shaxsiy safarlar uchun ham vazirlik avtomobilidan foydalangani uchun tanqid qilindi.
Bosh vazir Chris Minns ushbu harakatni oqlab bo‘lmasligini aytib, vazirlar uchun yangi qoidalar joriy etilishini e’lon qildi. Endilikda xizmat avtomobillari faqat rasmiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin.
Haylen o‘z xatosini tan olib, jamoatchilikdan uzr so‘radi va vino zavodiga qilgan safar xarajatlarini davlatga qaytarishini aytdi. Transport vazirligi vaqtincha John Grahamga topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olaf Shols Donald Trampni o‘z manfaatlarini ko‘zlashda ayblagan edi.