Kredit tarixini muzlatganlar soni ortib bormoqda

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Kredit tarixi muzlatilgan taqdirda banklar va mikromoliya tashkilotlari bunday shaxslarga qarz berishlari ehtimoli pasayadi
Foto: abscent / www.depositphotos.com

O‘zbekistonda kredit tarixini muzlatish xizmatlaridan foydalanayotgan fuqarolar soni keskin oshmoqda. Bu haqda 4-dekabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan media-muloqotda ma’lum qilindi.

Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘rtinchi choragida Freeze xizmati orqali 48,4 ming fuqaro o‘z kredit tarixini bloklagan. Joriy yilning uchinchi choragida bu ko‘rsatkich 7,5 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, jami foydalanuvchilar soni deyarli 56 mingga yetdi.

Shuningdek, yana bir kredit byurosi – CRIF kredit-axborot xizmatlarining bosh direktori Mirsardor Usmonovning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, hozirda ularda xuddi shunday xizmat – Kredit Lock’ni 10,2 ming kishi yoqib qo‘ygan. Ushbu xizmatlar firibgarlikning oldini olishga qaratilgan bo‘lib, kredit tarixi muzlatilgan taqdirda banklar va mikromoliya tashkilotlari bunday shaxslarga kredit berishlari ehtimoli pasayadi. Avvalroq Kursiv Uzbekistan respublikada kreditga oid firibgarlik holatlari bir yil ichida 42 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.

Yangi qonun kutilmoqda

Kredit tarixini muzlatish xizmatlaridan tashqari, yaqin orada O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit olishni taqiqlash bo‘yicha yangi qonun kuchga kirishi kutilmoqda. Mazkur hujjat ayni paytda parlamentda ko‘rib chiqilmoqda va prezident imzolaganidan keyin rasmiy kuchga kiradi.

Markaziy bank Yuridik departamenti direktori o‘rinbosari Bahodir Ismoilovning tushuntirishicha, yangi tartib kuchga kirgach jismoniy shaxslar kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki ushbu cheklovni olib tashlash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatlarining Yagona interaktiv portali, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslarning o‘zaro muvofiqlashtirilgan reyestri yuritiladi. Bu xizmat bepul taqdim etiladi.

Avvalroq Qonunchilik palatasi kredit bitimlari uchun taqiq va javobgarlik haqidagi qonun loyihasini qabul qilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek