Avto

Mercedes-Benz W196 R Streamliner avtomobili $52,7 mlnga sotildi

Muzeyga avtomobilni Mercedes-Benz kompaniyasi 1965-yilda sovg‘a qilgan edi
Foto: Mercedez-Benz

1954-yilda ishlab chiqarilgan noyob poyga avtomobillaridan biri Mercedes-Benz W196 R Streamliner Shtutgartdagi auksionda $52,7 mlnga sotildi. Bu avtomobil auksion tarixidagi ikkinchi eng qimmat avtomobil sifatida qayd etildi. Bu haqda motor1 nashri ma’lum qildi.

Eng qimmat avtomobil rekordi hali ham Mercedes-Benz kompaniyasiga tegishli bo‘lib qolmoqda. 2022-yilda 300 SLR Uhlenhaut Coupe modeli $143 mlnga sotilgan edi.

Streamliner shassi № 00009/54 ilgari Indianapolis Motor Speedway muzeyiga tegishli bo‘lgan. Ushbu muzeyga avtomobilni Mercedes-Benz kompaniyasi 1965-yilda sovg‘a qilgan edi. Avtomobil 1955-yilda Argentinadagi musobaqalarda debyut qilgan.

Uning texnik xususiyatlari ham e’tiborga loyiq. Kapoti ostida 3,0 litr hajmdagi M196 dvigateli joylashgan bo‘lib, u besh bosqichli mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Ushbu dvigatel 290 ot kuchini ishlab chiqara oladi.

Mercedes-Benz W196 R Streamliner’ning so‘nggi rasmiy poygasi 1955-yilda Italiya Gran-prisida bo‘lib o‘tgan. Ushbu musobaqada avtomobil eng yaxshi aylanish tezligini 216 km/soat ko‘rsatgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtokreditlarni qaysi banklardan qulay shartlarda olish mumkinligi haqida xabar bergan edi.