O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov Londonda «Manchester Siti» futbol klubi himoyachisi, yosh o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuv futbolchining Premyer-ligadagi debyutidan so‘ng bo‘lib o‘tib, unda uning kelajak rejalari va o‘zbek futbolining rivoji muhokama qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish, yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlar muhokama qilindi. Tomonlar kelajakda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, sport sohasi rivojiga hissa qo‘shish va yosh iste’dodlarni tarbiyalash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Elchi Ravshan Usmonov Abduqodir Husanovning yuksak natijalarga erishayotganini alohida ta’kidlab, uning «Manchester Siti» safidagi faoliyati nafaqat O‘zbekiston futboli, balki yosh futbolchilar uchun ham katta ilhom manbai ekanini qayd etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov «Manchester Siti» safida debyut qilgani haqida xabar bergan edi.