Oʻzbekistonda davlat idoralari saytlari yagona platformaga oʻtkaziladi

eʼlon qilindi
2025-yil 1-martdan boshlab
Foto: ijeab / depositphotos.com

Oʻzbekistondagi barcha davlat idoralarining rasmiy saytlari yagona gov.uz platformasiga oʻtkaziladi. Bu jarayon hukumatning davlat organlari veb-saytlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-martdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari Uzinfocom bilan shartnoma tuzib, rasmiy veb-saytlarini faqat hukumat portali orqali yuritadi. Eski saytlar esa bir hafta ichida yangi platformaga yoʻnaltiriladi yoki butunlay yopiladi.

Yagona platformadagi saytlarning texnik qoʻllab-quvvatlashi va xizmat koʻrsatish xarajatlari davlat organlarining budjetdan tashqari mablagʻlari, Davlat budjeti hamda qonuniy boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, «Kiberxavfsizlik markazi» va Raqamli texnologiyalar vazirligi har olti oyda platformaning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirib boradi va doimiy monitoring olib boradi.

Hukumat tadbirlari toʻgʻrisidagi axborotlarni rasmiy veb-saytlarda e’lon qilishdan oldin bosh vazir matbuot xizmati bilan kelishish talab etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan uy-joylar qurilishi boʻyicha elektron platforma yaratilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek