Yangiliklar

Oʻzbekistonda yanvar oyida inflyatsiya darajasi 9,9 foizni tashkil etdi

Eng ko‘p kommunal xizmatlar qimmatlashdi
Foto: Unsplash

Statistika agentligining maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil yanvar oyida isteʼmol narxlari indeksi yillik 9,9 foizga yetdi. Dekabr oyiga nisbatan bu koʻrsatkich 0,1 foizga oshdi.

Yil davomida eng katta narx oʻsishi xizmatlar sohasida kuzatildi — 27 foiz. Ayniqsa, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilgʻi turlari 2024-yil yanvariga nisbatan 68,4 foizga qimmatlashdi. Kommunal xizmatlar narxi 29,1 foizga, uy-joy ijarasi esa 13,1 foizga oshdi.

Taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlarining narxlari ham sezilarli darajada koʻtarilib, mos ravishda 17,7 foiz va 21,1 foiz oʻsish qayd etildi.

Mahsulotlar narxining oʻsishi nisbatan past boʻldi. Nooziq-ovqat mahsulotlari yil davomida 7,7 foizga qimmatlashgan boʻlsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxi atigi 2,6 foizga oshdi. Bu oxirgi besh yildagi eng past koʻrsatkichdir. Agar meva-sabzavot narxlari oʻzgarishini hisobga olmasak, oziq-ovqat mahsulotlari 2024-yil yanvariga nisbatan 6 foizga oshgan.

Foto: Monticelo / depositphptos.com

Oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta narx oʻsishi kungaboqar va paxta yogʻida kuzatildi (mos ravishda +18,1 foiz va +19,5 foiz). Shuningdek, mol goʻshti 14,8 foizga, qoʻy goʻshti esa 16,2 foizga qimmatlashdi. Biroq parranda goʻshti, tuxum, guruch va un narxlarida pasayish qayd etildi.

Sabzavotlar orasida eng katta narx oshishi kartoshkada kuzatildi – yil davomida kartoshka 68,1 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, sabzi, karam va lavlagi narxi ham sezilarli darajada oshdi. Qish mavsumida meva-sabzavotlarning ayrim turlari esa 2024-yil yanvariga nisbatan arzonlashgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda kartoshka nega qimmatlashayotgani haqida yozgan edi.