Prezident Malayziyaga rasmiy tashrif bilan bordi
Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni rasmiy tashrif bilan Malayziyaga yetib keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida Mirziyoyevni Malayziya parlamenti spikeri Johari bin Abdul va rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tashrif doirasida prezident Malayziya parlamenti spikeri bilan uchrashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
5-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazadi hamda O‘zbekiston – Malayziya biznes forumida ishtirok etadi. Tashrif yakunida qator muhim hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev yirik transport infratuzilmasi loyihalari bo‘yicha hisobotni tinglagan edi.