Yangiliklar

Toshkent – Andijon va Toshkent – Samarqand pullik yo‘llarini qurish 2025-yilda boshlanadi

Transport vaziriga tayanib
Foto: Danielt1994/Depositohotos.com

Toshkent – Andijon va Toshkent – Samarqand pullik avtomagistrallarini qurish 2025-yilda boshlanadi. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov «O‘zbekiston 24» telekanali efirida ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Andijongacha bo‘lgan yo‘l qurilishiga 30 ta kompaniya qiziqish bildirgan. Tenderda ishtirok etish bo‘yicha arizalar qabul qilish jarayoni joriy yil yanvar oyining oxirida boshlangan.

Toshkent – Andijon yo‘lining uzunligi 314 km bo‘lib, u oltita harakat yo‘lagiga ega bo‘ladi. Loyiha qiymati $4,28 mlrd.ni tashkil etadi.

Tender g‘olibi bilan davlat-xususiy sheriklik shartnomasi 49-yil muddatga tuzilishi rejalashtirilgan. Tanlangan kompaniya yo‘l qurilishi, uning ta’miri va ekspluatatsiyasi bilan shug‘ullanadi.

Toshkent – Samarqand yo‘li ham oltita harakat yo‘lagiga ega bo‘ladi. Uning uzunligi 300 km atrofida bo‘lib, qurilish qiymati $2,2 mlrd deb baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida «quruq port» tashkil etilishi haqida yozgan edik.