AQSh O‘zbekistondan Afg‘oniston harbiy havo kuchlarining yettita aviatexnikasini qaytarib oldi
Amerika Qoʻshma Shtatlari 2021-yilda Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng afgʻon uchuvchilari tomonidan Oʻzbekistonga olib oʻtilgan yettita vertolyot va samolyotni qaytarib oldi. Voice of America nashrining xabar berishicha, ushbu havo kemalari orasida Black Hawk vertolyotlari ham boʻlgan.
Mazkur maʼlumot Oʻzbekiston armiyasining 33 yilligiga bagʻishlab Vashingtondagi elchixonada oʻtkazilgan tadbir chogʻida eʼlon qilingan.
2022-yilda Oʻzbekiston hududida afgʻon uchuvchilari tomonidan olib oʻtilgan 46 ta harbiy aviatexnika mavjud boʻlib, ular orasida Mi-17 va Black Hawk vertolyotlari, shuningdek, turli hujumkor samolyotlar bor edi. «Tolibon» harakati Afgʻonistonning avvalgi hukumatiga tegishli boʻlgan ushbu harbiy texnikaga egalik huquqini bir necha bor daʼvo qilgan.
AQSh Sikorsky UH-60 Black Hawk vertolyotini 1979-yilda qabul qilgan. 2023-yil yanvar oyiga kelib ushbu modelning 5 mingdan ortiq nusxasi ishlab chiqarilgan. Mazkur vertolyot AQShdan tashqari Ukraina, Yaponiya, Polsha, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar armiyasida ham mavjud. U 11 kishigacha tashish imkoniyatiga ega boʻlib, ayrim modifikatsiyalariga raketa-bomba qurollari oʻrnatish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amerika rasmiylari Oʻzbekistonga harbiy aviatexnikani taʼmirlashda yordam berishi haqida yozgan edi.