Giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi ommaviy reydlar oʻtkazildi
3 – 4-fevral kunlari «Qoradori» keng koʻlamli tadbirlarining dastlabki bosqichida 122 kilogramm giyohvandlik vositalarining aholi orasida tarqatilishi toʻxtatib qolindi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qoʻyish maqsadida jami 653 ta maxsus tadbir oʻtkazildi.
Shuningdek, 8,6 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining aholi orasida tarqatilishi toʻxtatib qolindi. Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasidan olingan $287 ming va 569 million soʻm miqdoridagi pullar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.
Qoʻzgʻatilgan 222 ta jinoyat ishlari doirasida 228 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. 64 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. 47 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan giyohvandlik vositalarini dorixonalar orqali sotish tartibi belgilangani haqida xabar bergan edi.