Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi

eʼlon qilindi
Xizmat davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi
Foto: brebca / www.depositphotos.com

O‘zbekiston prezidentining yangi qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-martdan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yiladigan tizim 2025-yil 1-oktabrgacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi. Xizmat davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi va 3-yoshdan 18-yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.

Nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ota-onalar va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuziladigan shartnoma hamda psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasi asosida qabul qilinadi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi tartib joriy etiladi:

  • 3-yoshdan 7-yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan har bir kun uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi subsidiya ajratiladi.
  • 7-yoshdan 18-yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa bu miqdor 27 foiz etib belgilangan.
  • Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida subsidiya 1,1 koeffitsiyent bilan ko‘paytiriladi.
  • Kambag‘al oilalar reyestrida bo‘lgan oilalarning nogironligi bo‘lgan bolalari uchun subsidiya qo‘shimcha 30 foizga oshiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahridagi ehtiyojmand oilalarga hamshiralik xizmati taklif etilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek