Yangiliklar

O‘zbekiston va Malayziya tovar ayirboshlashni oshirish uchun imtiyozli savdo bitimi va sanoat ko‘rgazmalarini yo‘lga qo‘yadi

Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

5-fevral kuni Malayziyaning «Perdana Putra» hukumat majmuasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tashrif davomida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish va sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Malayziya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Prezident Mirziyoyev va bosh vazir Ibrohim 2025-2026-yillarni O‘zbekiston – Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishib oldilar. Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari sifatida neft-kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, «yashil» energetika va ziyorat turizmi belgilandi. Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirishga ham kelishib oldilar. 2024-yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish qaror qilindi. Yakunda prezident Shavkat Mirziyoyev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Malayziyaga rasmiy tashrif bilan borgani haqida xabar bergan edi.