O‘zbekistonda rossiyaliklarni aldab kelgan Call-markazlar tarmog‘i fosh etildi

eʼlon qilindi
Firibgarlar internet orqali biologik faol qo‘shimchalar sotib olgan rossiyaliklarning ma’lumotlaridan foydalangan
Foto: Voxys.ru

O‘zbekistonda noqonuniy yo‘l bilan yirik miqdordagi mablag‘larni qo‘lga kiritgan jinoiy guruh aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu guruh Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritgan. DXX tomonidan e’lon qilingan videoda 32 nafar shaxsning qo‘lga olingani aks etgan. Tekshiruv natijasida firibgarlarning uchta Call-markaz orqali ishlagani aniqlangan: ularning ikkitasi Farg‘onada, biri esa Toshkent shahrida joylashgan bo‘lgan.

«RIA Novosti»ning videoyozuvga tayanib xabar berishicha, sxema tashkilotchisi Farg‘ona viloyati fuqarosi bo‘lgan. U boshchiligida Rossiya fuqarolarining mablag‘larini noqonuniy egallashga ixtisoslashgan butun bir tarmoq faoliyat olib borgan.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, firibgarlar internet orqali biologik faol qo‘shimchalar sotib olgan rossiyaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. So‘ngra o‘zlarini tergov organlari xodimi sifatida tanishtirib, jabrlanuvchilarga go‘yo yetkazilgan ma’naviy zarar uchun kompensatsiya olish imkoniyati borligini uqtirganlar.

Jinoyat guruhining boshqa a’zolari esa o‘zlarini Rossiya Moliya vazirligi vakillari sifatida tanishtirib, soliq to‘lovidan keyin pul to‘lab berilishini va’da qilishgan. Natijada jabrlanuvchilarga «to‘lov amalga oshirilmasa, mablag‘ o‘tkazilmaydi» deb, ulardan oldindan muayyan summa o‘tkazishni talab qilishgan.

Ushbu firibgarlik sxemasi fosh etilib, barcha ishtirokchilari qo‘lga olingan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilingan edi.

Shuningdek