Yangiliklar

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida qo‘shma bayonot imzolandi

Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Kuala-Lumpur shahrida o‘tgan rasmiy uchrashuv yakunida strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Muzokaralar natijasida quyidagi muhim hujjatlar ham qabul qilindi. Jumladan, mahsulotlarning «halol» standartlariga muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzilib, ushbu yo‘nalishda xalqaro standartlarga javob beruvchi tizimni rivojlantirishga kelishib olindi. Shuningdek, bojxona ishida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi bitim imzolangan bo‘lib, u savdo jarayonlarini soddalashtirish va bojxona tartiblarini takomillashtirishga qaratilgan.

Oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki davlat universitetlari o‘rtasida akademik almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirishni nazarda tutadi. Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuv esa tibbiyot sohasida tajriba almashish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirishga yo‘naltirilgan.

Madaniyat sohasida hamkorlik bo‘yicha bitim imzolanib, san’at va madaniyat yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, sud-ekspertlik faoliyati sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hujjat imzolanib, huquqiy ekspertiza va tergov jarayonlarini takomillashtirish rejalashtirildi.

Akademik-diplomatik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim diplomatik idoralar va ilmiy-tahliliy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, «aqlli» shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangan bo‘lib, bu yo‘nalishda innovatsion texnologiyalar asosida shahar infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2025-2026 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma reja imzolandi. Ushbu kelishuv korrupsiyaga qarshi samarali kurashish va tajriba almashish mexanizmlarini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Malayziya bilan tovar ayirboshlashni oshirish uchun imtiyozli savdo bitimi va sanoat ko‘rgazmalarini yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.