Tashqi obyektlar samolyotga zarar yetkazgan bo‘lishi mumkin – Qozog‘iston Transport vazirligi
Qozogʻiston Transport vazirligi Oqtov aeroporti yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines (AZAL) bortining qulashiga oid dastlabki hisobotni e’lon qildi.
Hodisa 2024-yil dekabr oyining oxirida yuz berdi. Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli, bortida 62 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan edi. Biroq havo kemasi belgilangan manzilga qo‘na olmagan va Oqtovga yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Mutaxassislar tekshiruv natijasida samolyotda turli o‘lcham va shakldagi teshib o‘tgan hamda teshib o‘tmagan shikastlanishlar borligini aniqladi. Ushbu zararlar, asosan, dum va chap qismida qayd etilgan bo‘lib, ayrim joylarda shikastlanishlar to‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega ekani ma’lum bo‘ldi.
«Havo kemasining teshib oʻtilishi havo kemasi konstruksiyasiga tashqi jismlar kirganidan dalolat beradi», – deyiladi xabarda.
Mutaxassislar samolyot ekipajining yer bilan muzokaralari ma’lumotlarini tahlil qilish va bortdagi yozuv qurilmalarining deshifrovkasi asosida shunday xulosaga kelishdi. 53 betli hisobot dastlabki xarakterga ega. Qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkaziladi.
Jahon ommaviy axborot vositalari avvalroq Azerbaijan Airlines samolyoti Rossiya raketasi tomonidan shikastlangan boʻlishi mumkinligi haqida taxminlar bildirgan edi.