Oltin narxi ketma-ket yettinchi kun oshdi
Oʻzbekistonda besh grammlik oltin quymasining qiymati 6,18 million soʻmga yetib, yangi rekordni oʻrnatdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Avvalgi rekord 5-fevralda qayd etilgan boʻlib, besh grammli oltin quymaning narxi 6,11 million soʻm deb belgilangan edi.
6-fevral holatiga koʻra, oʻn grammlik oltin quymasi qiymati 12,36 million soʻmni, yigirma grammlik 24,72 million soʻmni, ellik grammlik 61,8 million soʻmni tashkil qilgan edi. 100 grammlik oltin quymasi narxi esa 123,59 million soʻmga yetdi.
Kecha qimmatbaho metall jahon kotirovkalari bir troya unsiyasi uchun $2,9 mingdan yuqoriga koʻtarilib, yangi rekordni oʻrnatdi. Aktivga boʻlgan talab AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining kutilmagan tarif siyosati tufayli ortib bormoqda. Investorlar Xitoy tovarlarini AQShga olib kirishga bojlar joriy etilishi va Xitoyning javob chorasi yangi savdo urushini boshlab berishi mumkinligidan xavotirda.
Qimmatbaho metallar narxi oshishining qoʻshimcha omillari dollar kursining pasayishi va Amerika mehnat bozorining sovishi haqidagi ma’lumotlar boʻldi.
Jahon oltin kengashi (WGC) 2024-yilda jahon bozorida qimmatbaho metallga boʻlgan talab rekord darajadagi 4,9 ming tonnaga yetganini ma’lum qildi. Xususiy investorlarning oltinga qiziqishi chorak baravarga oshdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dollarning soʻmga nisbatan kursi biroz pasaygani haqida yozgan edi.