Uzum 2024-yilda 1,2 trillion so‘m soliq to‘lagan
2024-yilda Uzum milliy raqamli ekotizimi O‘zbekiston byudjetiga 1,2 trln so‘m miqdorida soliq to‘lagan. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yil davomida Uzum tomonidan to‘langan soliqlar hajmi 28% ga oshdi. Kompaniya xususiy sektorning eng yirik soliq to‘lovchilari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egalladi.
2024-yil oxiriga kelib, Uzum marketpleysi va boshqa xizmatlaridan har uchinchi o‘zbekistonlik foydalangan. Shuningdek, kompaniya xodimlari soni 3 ming kishiga ko‘paydi.
Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev kompaniyaning kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini ta’kidlab, marketpleys va boshqa xizmatlar tadbirkorlarga biznesni rivojlantirish va kengaytirish uchun zarur vositalarni taqdim etayotganini aytdi.
Bundan tashqari, elektron tijorat va moliyaviy xizmatlarning rivojlanishi yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga yordam bermoqda:
«Biz mamlakatda fintex xizmatlari va elektron tijoratni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning shaffoflashishiga va soliq tushumlarining oshishiga ko‘maklashmoqdamiz. O‘zbekiston ravnaqi va taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz», — dedi Jasur Jumayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alibaba Cloud O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan edi.