Asadov prezident ma’muriyatidagi ommaviy ishdan bo‘shatish haqidagi mish-mishlarga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda prezident ma’muriyatining hajmi 50 foizga qisqarishi, boʻlimlarda xodimlar soni qisqarishi haqida rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqalmoqda, dedi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Asadov xodimlarni optimallashtirish barcha davlat organlarida amalga oshirilayotgan doimiy jarayon ekanligini ta’kidladi.
Bunda takrorlanadigan funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va mansabdor shaxslar faoliyatini takomillashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
«Bu jarayonning koʻlami tegishli tadqiqot va tahlillar oʻtkazilgandan keyingina aniq boʻladi», – deya qoʻshimcha qildi matbuot kotibi.
Shuningdek, u blogerlar va ommaviy axborot vositalarini ushbu masala yuzasidan xabar berishda rasmiy manbalarga tayanishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xufiyona faoliyat yuritib, «konvertda» oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytirilishi haqida xabar bergan edi.