![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-239.png)
«O‘zaviatsiya» agentligi Malayziya, Janubiy Koreya va Misr aviakompaniyalariga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilganini e’lon qildi.
2025-yil 3-fevral kuni Malayziyaning Air Asia X Berhad aviakompaniyasi Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishida muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Ushbu parvozlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hukumatlararo havo qatnovi bitimi asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning T’way Air aviakompaniyasiga Seul – Toshkent – Seul yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berildi. Bu ham O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hukumatlararo kelishuv asosida amalga oshirildi.
Mazkur ikkala aviakompaniya o‘z parvozlarini Airbus A330 samolyotlarida bajarishi belgilangan.
4-fevral kuni esa Misrning Red Sea Airlines aviakompaniyasiga Sharm-ash-Shayx – Toshkent – Sharm-ash-Shayx yo‘nalishida muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi. Ushbu reyslar Boeing 737 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda UzAirways Madridga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar bergan edi.